E- Global Congress Hosted online from Dubai, U. A. E., E - Conference. Date: 30th May, 2023 Website: https://eglobalcongress.com/index.php/egc ISSN (E): 2836-3612 92 | P a g e TUN BILA TONG TALQINI Ruziboev Tolibjon Xolmatjonovich, Marg‘ilon shahar Musiqali maqom teatri adabiy bo‘lim mudiri, NamDU tadqiqotchisi. Annotatsiya: mazkur maqolada o‘zbek zamonaviy adabiyoti vakili G‘afur G‘ulom ijodi misolida Navoiy g‘azallariga taxmis yozish mavzusi yoritilgan. Shoirning taxmisnavislik mahorati keng yoritilgan. G‘afur G‘ulom taxmisining Navoiy g‘azaliga mazmunan va shaklan mutanosib tadqiq etilgan. Taxmis asosida bu janrning o‘ziga xos jihatlari ilmiy asosda ochib berilgan. Kalit so‘zlar: g‘azal, taxmis, taxmisnavislik, misra, bayt, band, mubolag‘a, tashbeh, timsol, solik, ma’shuqa. ТОЛКОВАНИЕ НОЧИ И УТРА Аннотация: В статье рассматривается тема написания тахмисов на газелы Навои на основе творчества представителя современной узбекской литературы Гафура Гуляма. Широко освещена мастерство поэта в тахмисотворчестве. Изучено сходство тахмиса Гафура Гуляма на газель Навои по содержанию и форме. На основании анализа тахмыса были выявлены особенности этого жанра на научной основе. Ключевые слова: газель, тахмис, тахмисотворчество, строка, двустишье, строфа, преувеличение, аллегория, образ, путник, любимая. INTERPRETATION OF NIGHT AND MORNING Annotation: The article deals with the topic of writing tahmis for Navoi gazelles based on the work of Gafur Gulyam, a representative of modern Uzbek literature. The poet's skill in takhmis is widely covered. The similarity of the takhmis Gafur Gulyam to https://eglobalcongress.com/index.php/egc E- Global Congress Hosted online from Dubai, U. A. E., E - Conference. Date: 30th May, 2023 Website: https://eglobalcongress.com/index.php/egc ISSN (E): 2836-3612 93 | P a g e the gazelle Navoi in terms of content and form has been studied. Based on the analysis of takhmys, the features of this genre were identified on a scientific basis. Keywords: gazelle, takhmis, tahmis creativity, line, couplet, stanza, exaggeration, allegory, image, traveler, beloved. Zamonaviy adabiyot vakillari taxmisnavisligida ko‘zga tashlanuvchi yana bir holat shuki, unda “eski adabiyot”ni qo‘msash, uning ideallarini qayta tiklash, o‘ta ijtimoiylashgan badiiy adabiyotga mumtoz adabiyotga xos nozik ko‘ngil kechinmalarini olib kirish, o‘zligini anglashga intilish ham kuchaya boshladi. Ayrim shoirlar ijodida o‘sha davr “unchalik xushlamagan” aruziy ohanglar va ular zamiriga ustalik bilan singdirib yuborilgan tasavvufiy g‘oyalar, ya’ni “o‘zni anglash orqali Haqni tanish”[V-26], ba’zan taxmis misralari qatiga hatto zamon norasoliklaridan norozilik kayfiyatini ham qistirib o‘tish kabi hollar uchray boshladi. Ayniqsa, Navoiy g‘azallariga bog‘langan taxmislarda bu yanada yaqqol namoyon bo‘la boshladi. Shoirning “tun bila tong” radifli g‘azaliga [I-363] G‘afur G‘ulom bog‘lagan quyidagi taxmis shaklan ham, mazmunan ham ana shunday asarlar sirasidan: Mening qarog‘imu oning jamoli tun bila tong, Mening zavolimu oning kamoli tun bila tong, Mening kuyuk mahim, oning hiloli tun bila tong, Mening firoqimu oning visoli tun bila tong, Bu nav’ dahrda yo‘q ehtimoli tun bila tong...[ IV-324] G‘azalning dastlabki bayti o‘quvchida mazmunan majoziy ishq talqiniga bag‘ishlanganday taassurot qoldiradi. Unga qo‘shilgan misralarda ham tazod, takrir, tanosub, tashbeh, istiora, te’dod kabi badiiy san’atlar yordamida oshiq va ma’shuqaga xos zohiriy va botiniy sifatlarning poetik talqiniga duch kelamiz. “G‘afur G‘ulom g‘azalga muxammas bog‘lar ekan, matla’dagi mazmunni emas, balki undagi san’atni ham yanada kamolot darajasiga ko‘tarishga musharraf bo‘ladi. U oshiqning «qarog‘i» va yorning «kamoli», oshiqning «zavoli» va yorning «kamoli», oshiqning «quyuq oyi» va yorning «hiloli» orasida favqulodda mahorat bilan zidlik – tazod topib, yuksak badiiylikni yuzaga keltiradi”.[II] Taxmisda Navoiy uslubiga xos tasvir usuli, til xususiyatlari ham to‘liq saqlangan. Ikkinchi bandda orttirilgan uchlik misralar zamiriga davr ma’naviy-ma’rifiy, https://eglobalcongress.com/index.php/egc E- Global Congress Hosted online from Dubai, U. A. E., E - Conference. Date: 30th May, 2023 Website: https://eglobalcongress.com/index.php/egc ISSN (E): 2836-3612 94 | P a g e axloqiy-estetik qarashlariga xos ayrim muammolarni mahorat bilan singdirib ketilgan: Nechuk tushuntira oldim buni gumon eliga, Hamisha ishqni qilguvchi imtihon eliga Ki, birni ikki deyib bo‘lmag‘ay zamon eliga, G‘arib zulfu yuz ermasmukim, jahon eliga Ko‘runmish bu ikkining misoli tun bila tong... Bir qarashda gumon eli, hamisha ishqni imtihon qilguvchi el, zamon eli kabi tasviriy ifodalarda zolim yorga ishora qilingandek tuyuladi, ammo zukko kitobxon shoir ularning zamiriga o‘sha davrda jamiyatda avj olgan har bir shaxsdan shubhalanish, har bir hodisadan dushmanlik izlab uni ipidan ignasigacha taftish qilish, birni ikki deyish, ya’ni o‘z fikrini to‘liq tushuntirish uchun unga qayta-qayta murojaat qilishni yoqtirmaslik va o‘jarlik bilan bir xulosaga mahkam yopishib olish kabi illatlar avj olganini singdirib ketganligiga amin bo‘ladi. Bu o‘sha davrda o‘zining hur fikrlarini yashirin usullarda pardalab bayon etishning bir ko‘rinishi edi. Taxmisning navbatdagi bandida majoz orqali haqiqatni kuylash yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi: Qachonki zulmatu nur o‘rin olmoshadur, Qora boshimdagi savdo dilimga tirmoshadur, Qonim kuyarda tanimning alangasi oshadur, Tongim yorug‘u tunum tiyradurkim, chirmashadur, Ko‘ngil aro yuzu zulfung xayoli tun bila tong... Dastlabki misradagi “zulmatu nur o‘rin olmoshadur” ifodasida go‘yoki tun bilan tongning o‘rin almashishi talqin etilayotganday tuyulsa-da, aslida bu jumlada shoir yovuzlik ezgulik o‘rnini, adovat adolat o‘rnini, g‘aflat ogohlik o‘rnini egallagan davrning qator ziddiyatli muammolariga ishora qilgan. Bunday hol lirik qahramon qalbini yaralaydi, uning qora boshidagi savdo – ko‘rgiliklar diliga tirmashadi va qonini kuydirib alangasini oshiradi, ya’ni chorasizlik tufayli ich- ichidan ezilishga mahkum bo‘ladi. G‘afur G‘ulom shunday kechinmalarga yo‘g‘rilgan uchlik misralarini Navoiy baytiga ulab, mantiqiy izchillik asosida poetik lavha mukammalligiga erishadi. Taxmisning navbatdagi bandida shoir kechinmalaridagi tushkun kayfiyat yanada quyuqlashadi: Ne shomda vasl umidi, ne tongda nurli xabar, Ne kechda rayhon isi, ne tongda g‘unchada zar, https://eglobalcongress.com/index.php/egc E- Global Congress Hosted online from Dubai, U. A. E., E - Conference. Date: 30th May, 2023 Website: https://eglobalcongress.com/index.php/egc ISSN (E): 2836-3612 95 | P a g e Ne oqshomda qadah bor, ne tongda bir sog‘ar, Ne tunda aysh nasimi, ne tongda mehr magar Ki, bo‘ldi zulfu yuzung poymoli tun bila tong... Yaqin tariximizdan ma’lumki, shoir yashagan davr o‘ta murakkab bo‘lib, borliq va uning mavjudligi haqida dahriy aqidalar hukmronligi avj olgan, hurfikrlilik cheklangan, har bir fikr hukmron mafkura qobig‘i doirasida, markscha-lenincha mezonlar asosida talqin qilingan davr edi. Birorta ijodkor bu davr aqidalari chizig‘idan tashqariga chiqishga botinolmas edi. Taxmis mazmunidan ko‘rinib turibdiki, G‘afur G‘ulom shunday nobop vaziyatda ham, o‘zining hur fikrlarini ayta olish imkoniyatini topa olgan. Yuqoridagi bandlarda uning jamiyatda avj olgan dahriyona qarashlardan cheksiz afsus-nadomatlari, qayg‘u-alamlari yarq etib ko‘zga tashlanadi. Ayniqsa, shoir uchligi Navoiy bayti bilan mazmunan birlashganda Yaratganga qarata “g‘aflatda qolganlarning ishi tunu kun Sen va yaratiqlaringga tosh otish bo‘ldi” degan ma’no uqiladi va shu o‘rinda biz taxmisning ikkinchi bandida tilga olingan “gumon eli, ishqni qilguvchi imtihon eli, o‘z bilganidan qolmaydigan zamon eli” kim ekanligini yanada teranroq anglaymiz. Navbatdagi bandda shoirning o‘ziga xos lirik chekinishi va ma’shuqaga tilagan ezgu tilaklariga guvoh bo‘lamiz: Dilingning ko‘zgusidin bir umrga ketsin g‘ash, Ichar chog‘ingda sharobinggadir hayot aralash, Kechang charog‘iyu kunduz quyoshidek dilkash, Tuning xujasta, tonging qutlug‘ bo‘lsin, ey mahvash Ki, ikki banda senga bo‘ldi holi tun bila tong... Navoiy baytidagi mahvash timsoli G‘afur G‘ulom taxmisida yangicha mazmun kasb etadi. G‘azalda shoir mahvashga murojaat qilib, ikki banda – tun bila tongning holi senga bandalik (asirlik)dir deb ta’kidlanayotgan bo‘lsa, G‘afur G‘ulom bu timsol zamiriga zamona norasoliklaridan g‘am-alam iskanjasida iztirob chekayotgan Alloh do‘sti obrazini singdirib yuboradi. Chunki shoir hayoti va ijodi haqidagi ayrim izlanishlarda uning do‘stlari orasida Allohni tanigan va jamiyatda avj olgan dahriyona qarashlardan bezgan hurfikrli kishilar bo‘lganligi ham ma’lum.[III] G‘afur G‘ulom ana shunday do‘stga murojaat qilar ekan bu ko‘rgiliklar o‘tkinchi ekanligi, bir kun albatta kecha chirog‘iyu kunduz quyoshidek damlar kelishiga umid bilan yashashga chorlaydi. Zero, u do‘stga ikki banda holi – tunda ham, tongda ham ma’lum. Bu o‘rinda tun dunyo zulmati, tong esa oxirat saodati sifatida talqin etilsa, taxmis muallifi g‘azalga o‘z davri ijtimoiy https://eglobalcongress.com/index.php/egc E- Global Congress Hosted online from Dubai, U. A. E., E - Conference. Date: 30th May, 2023 Website: https://eglobalcongress.com/index.php/egc ISSN (E): 2836-3612 96 | P a g e muammolaridan kelib chiqqan holda tunning xujastaligi orqali dunyo hayoti ezgu ishlar qilish zarurligiga ishora qilayotgani oydinlashadi. Taxmisning keyingi baytida bu fikrning davomini ko‘rish mumkin: Kimiki qayg‘u qo‘lidan yaqoni qutqordi, Jahon ishini etak siltamak-la bitkordi, Qarong‘u kecha yurib subhidam tomon bordi, Biravki tongu tuning boda birla o‘tkordi, Yaqin bo‘lmag‘ay oning maloli tun bila tong... Qayg‘u qo‘lidan yaqoni qutqorish – o‘zini behuda alamlar iskanjasiga tashlab, umidsizlanmaslikka ishora. Bunday kishi o‘tkinchi dunyo ishlariga etak siltaydi, undan voz kechadi va tun zulmatidan yurib munavvar subhidam tomon boradi. G‘afur G‘ulomning bu fikrlari Navoiy bayti mazmuni bilan qo‘shilib, tun bilan tongni, ya’ni butun umrini boda birla (ishq mayi zavqida) o‘tkazsa, unga tun bila tongning maloli yetmaydi, ya’ni u foniy dunyoda ham o‘zligini anglab hayot kechiradi va oxiratda saodatini ham qo‘lga kiritadi. Shoir so‘nggi bandda o‘z davri uchun xos bo‘lmagan o‘ta katta jasorat bilan butun dardu alamlarini oshkora to‘kib soladi: Qilolmadim qaro tun, nurli tong zavolin kashf, Nafas-nafas o‘tayotgan umrning uvolin kashf, Siyoh haqqi bu, Mirzo, qog‘oz jamolin kashf, Navoiy etmadi zulfu yuzung visolin kashf, Valek erur g‘amining ittisoli tun bila tong. Lirik qahramon o‘zining na qaro tun va na nurli tong zavolini kashf etolmagani, ya’ni umr bo‘yi o‘zlikni anglash baxtidan bebahra qolganligidan afsus- nadomatda. U nafas-nafas o‘tayotgan (har bir nafas kirib chiqishi sayin intihosiga yaqinlashayotgan) umrning uvolini – hayotning qadrini ham kashf etolmaganidan adoqsiz iztirob chekadi. Uchinchi misrada “qog‘oz jamoli” tasviriy ifodasini qo‘llagan. Shoir siyoh haqqi uning ham sirlarini kashf etolmaganiga ich-ichidan achinadi. G‘afur G‘ulom bu o‘rinda “qog‘oz jamoli” ifodasi zamirida shoirlik qismati yoxud “Qur’oni karim” ma’nolari haqida so‘z yuritgan bo‘lishi mumkin. Har ikki holda ham shoir o‘ziga berilgan bu imkoniyatlardan o‘rinli foydalana olmaganligiga iqror bo‘ladi va juda kuchli ruhiy iztiroblar girdobida azoblanadi. G‘afur G‘ulom uchliklari Navoiy g‘azallari baytlarini mazmunan to‘ldiribgina qolmay, ular bilan mukammal uyg‘unlikka kirishib ketadi va birgalikda foniy https://eglobalcongress.com/index.php/egc E- Global Congress Hosted online from Dubai, U. A. E., E - Conference. Date: 30th May, 2023 Website: https://eglobalcongress.com/index.php/egc ISSN (E): 2836-3612 97 | P a g e dunyo talotumlari orasida o‘zligini izlab topolmayotgan solik qalbida po‘rtana urayotgan cheksiz g‘am-alamlar girdobini ifoda etgan. Xulosa qilib aytish mumkinki, G‘afur G‘ulom taxmis uchun bu g‘azalni bejiz tanlamagan. Shoir g‘azal mazmunida taqdir taqozosi bilan o‘zining ziddiyatlarga o‘ta boy hayotiga xos voqea-hodisa, his-tuyg‘u va kechinmalarning badiiy talqinini ko‘rgan va qalbini ayovsiz kemirayotgan ana shu qarama-qarshiliklarni ifoda etish yo‘llaridan biri sifatida unga taxmis bog‘lashga kirishgan. U XX asr o‘zbek adabiyoti tarixida garchi aruznavis shoir sifatida tanilmagan bo‘lsa-da, mazkur taxmis bu borada ham ancha katta bilim va tajriba egasi bo‘lganligi, faqat zamona zayli bilan bunga astoydil kirishmaganligidan dalolat beradi. G‘afur G‘ulom va Alisher Navoiyni bir-biridan besh yuz yillik davr ajratib turgan. Ammo zamon chegarasi shoirlar qalbida kechayotgan kechinmalar mushtarakligiga to‘siq bo‘la olmagan. Shu bois mazkur taxmis XX asr ikkinchi yarmi o‘zbek adabiyotining bu janrda yaratilgan mumtoz namunalaridan biri sifatida e’tirof etilishga loyiq. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Алишер Навоий. ТАТ 10 жилдлик. 3-жилд. Бадоеъ ул-васат. – Тошкент: Ғафур Ғулом, 2011. – Б. 363. 2.Муҳиддинов Муслиҳиддин. Навоий ва Ғафур Ғулом. https://uza.uz/uz/posts/navoiy-va-gafur-gulom_238171 3. Сувон Мели. Ғафур Ғулом: вақт фалсафаси // Ўзбек тили ва адабиёти, 2013, № 3. 4. Ғафур Ғулом. МАТ. 12 томлик. 3-том. Шеърлар. – Тошкент: Фан, 1984. – Б. 324. 5. Quronov D. Adabiyotshunoslikka kirish. www.ziyouz.com kutubxonasi – B. 26. https://eglobalcongress.com/index.php/egc https://uza.uz/uz/posts/navoiy-va-gafur-gulom_238171 http://www.ziyouz.com/